Elchi Oʻzbekistonda turizm, madaniy meros va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi. Shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish, sayohatlar xavfsizligini oshirish chora-tadbirlari va xizmatlarni diversifikatsiya qilish borasida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
A.Bushez Oʻzbekistonda iqtisodiyotning turli sohalari, butun jamiyat hayotidagi oʻzgarishlarning “koʻlami” va rivojlanish surʼatlaridan hayratda ekanligini taʼkidladi.
Tomonlar qoʻshma loyihalar va “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro butunmavsumiy kurort loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari, jumladan, uning bugungi holati bilan bogʻliq qator masalalarga alohida eʼtibor qaratishdi.
2022-yil kuz mavsumida Parijdagi Luvr muzeyida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi doirasida “Markaziy Osiyo ulugʻvorligi. Oʻzbekiston karvon yoʻllarida” mavzusiga bagʻishlangan ikki mamlakat madaniy hayotida yorqin voqeaga aylanadigan koʻrgazmani tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, epidemiologik vaziyat yumshatilishi bilan taʼlim loyihalarini kengaytirish, jumladan, darsliklar va oʻqituvchilarni jalb etish, talabalar almashinuvi va qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.