Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar ijrosini tahlil etish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi istiqbolli tashabbuslarni belgilab olish yuzasidan fikr almashishdan iborat boʻldi.
FTA bilan birgalikda energetika, suv taʼminoti, yashil iqtisodiyot, chorvachilik sohalarida 500 million yevrolik 4 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston hududlarida ham suv va oʻrmon xoʻjaligi, energetika, bank-moliya sanoatini rivojlantirish yoʻnalishlarida 7 ta loyiha ishlab chiqilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
2023-yil noyabr oyida Oʻzbekiston va FTA oʻrtasida 2023-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolangan edi. U FTA tomonidan Oʻzbekistonni kelgusida moliyalashtirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlarini qamrab oladi. Suv-energetika va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik davom etadi. FTA Orol dengizi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan investitsiyalarni moliyalashtirish ustida ham ish olib boradi.