Ushbu loyiha barcha davlat tashkilotlari, mobil operatorlar, bank va aholiga xizmat koʻrsatadigan boshqa tadbirkorlik ishlarida qoʻl kelib, hujjat bilan bogʻliq har qanday shartnoma tuzish jarayonida tezkorlikni taʼminlaydi.
Vaqt tejash imkoniyati tufayli koʻproq mijozga xizmat koʻrsatishga erishiladi.
Mazkur hujjat oʻquvchi mobil dastur ID-kartadagi QR kodni va NFC chipni yoki biometrik pasportdagi mashina oʻquvchi zona (MZR)ni skaner qilish orqali elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalaridan va davlat idoralarining tegishli axborot tizimlaridan fuqaroning shaxsiy maʼlumotlari, vaqtincha va doimiy turar manzili hamda boshqa maʼlumotlarni avtomatik tarzda olish va tegishli maydonlarni toʻldirish imkoniyatini beradi.
Bu oʻz navbatida xizmat koʻrsatuvchi operatorlar ishini yengillashtiradi. Ilgari foydalanuvchi haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish uchun 5-7 daqiqa vaqt ketgan boʻlsa, endilikda bu jarayon 30 soniyadan 1 daqiqagacha qisqardi.
Bundan tashqari, mijozlarni ID-kartalarda mavjud boʻlmagan manzil boʻyicha maʼlumotnoma taqdim etish borasidagi ovoragarchilikdan ham qutqaradi.
Hozirda ushbu hujjat oʻquvchi mobil dastur respublikamizning bir qator yirik kompaniyalarida sinov tariqasida joriy etilmoqda.