Fuqaro uy-joyiga nisbatan ikkita soliq hisobi yuritilayotganligini bilib qoldi

    Mamlakatimizda 15 Dekabr 2022 1102

    Shundan soʻng ushbu muammoni bartaraf etishni soʻrab adliya boʻlimiga murojaat qildi.

    Paxtachi tuman adliya boʻlimiga tumanning “Obodon” mahallasida yashovchi fuqaro N.Xoliqovdan kelib tushgan murojaat boshqalaridan tubdan farq qiladi.

    Nega deysizmi? Fuqaro uy-joyiga nisbatan ikkita soliq hisobi yuritilayotganligini bilib qolgan. Shundan soʻng ushbu muammoni bartaraf etishni soʻrab adliya boʻlimiga murojaat qilgan.

    Tuman adliya boʻlimi tomonidan murojaatni oʻrganish davomida maʼlum boʻlishicha, fuqaroning hozirgi kunda egalik qilayotgan uy-joyi uning marhum qarindoshi J.I. tomonidan qurilgan.

    Paxtachi tuman maʼmuriy sudining 2020-yil 28-sentyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan Kadastrlar palatasi tuman filialining “J.I.ning mazkur uy-joyga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish” toʻgʻrisidagi dalolatnomasi haqiqiy emas, deb topilgan.

    Shunday boʻlsada, filial xodimlari eʼtiborsizligi sababli marhum J.I.ning mazkur uy-joyga nisbatan mulk huquqi davlat roʻyxatidan chiqarilmasdan qolgan. Oqibatda tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan fuqaroga ortiqcha soliq toʻlovi boʻyicha rasmiy ogohlantirish xati yuborilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Kadastrlar palatasi tuman filiali hamda tuman DSIga rasmiy xat yuborilishi natijasida marhum J.I.ga tegishli uy-joyning kadastr raqami filial maʼlumotlar bazasidan chiqarildi hamda fuqaroning mazkur koʻchmas mulkiga nisbatan hisoblangan ortiqcha soliq toʻlovi bekor qilindi. Shu tariqa yana bir fuqaroning qonuniy manfaatlari tiklandi.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi