Qoʻlbola alkogol tayyorlash holati fosh etildi

    Samarqandda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tuman boʻlimi va Samarqand viloyati IIB xodimlari hamkorligida noqonuniy ichimliklarni ishlab chiqarish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro P.Р. oʻz uyida yashirin sex tashkil etib, qoʻlbola alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotganligi aniqlandi.

    Aniqlangan mahsulotlarda inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan 580 litr etil spirti, 1 123 dona shisha qopqoqlari, "Russkaya vodka" nomli etiketkalar hamda 445 dona shisha idishlar va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.