Fuqarolar ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishi mumkin

    Ijtimoiy hayot 28 Aprel 2021 1239

    “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–687-son, 27.04.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonunga koʻra, Konstitutsiyaviy sud doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi boʻlib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi, de xabar beradi huquqiy axborot telegram kanali.

    Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ham koʻrib chiqishi belgilandi.

    Konstitutsiyaviy sud rais va uning oʻrinbosarini qoʻshgan holda 9 nafar sudyadan iborat boʻladi (Ilgari 7 nafar edi).

    Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektlar qatoriga quyidagilar kiritildi:

    ● Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil;
    ● Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy markazi;
    ● Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil.

    Fuqarolar va yuridik shaxslar qonun ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzmoqda deb hisoblasa hamda sudda koʻrilishi tugallangan muayyan ishda qoʻllanilgan boʻlsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqli.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.