Qonunga koʻra, Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazuvchi subyektlar quyidagilardan iborat:

  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
  • Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari;
  • tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash oʻz zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazadi:

oʻz tashabbusiga koʻra – har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan oʻrganish va tekshirishlar natijalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatning qoʻllanilishi chogʻida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga koʻra.

Adliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazishga haqli boʻlib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • maʼmuriy tartib-taomillar bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
  • nazorat-tekshirish faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar.

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish boʻyicha ekspertlar reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi oʻtkazilishi chogʻida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam koʻrsatadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.