Fuqarolar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega boʻladi

    Prezidentning “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga koʻra, fuqarolar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olishi mumkin boʻladi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Qarorga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega boʻladi:

    — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovchilar;

    — Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq toʻlagan shaxslar;

    — voyaga yetmaganlar, taʼlim tashkilotlari oʻquvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga toʻlmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy roʻyxatdan oʻtganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalarning aʼzolari.

    — 2027-yil 1-yanvardan soʻnggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlaganlar uchun davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.