Fuqarolar yigʻinlari raislari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga doir tadbirlar rejalari tasdiqlandi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva maʼlum qildi.

    Ayni kunlarda mamlakatimizda joriy yilning may-iyun oylarida oʻtkaziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga doir ishlar boshlandi. Maʼlumki, mahalla instituti oʻzini oʻzi boshqarish organi sifatida maʼlum bir hududdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, diniy va boshqa masalalarda mustaqil ish olib boruvchi ijtimoiy tuzilmadir. Bugungi kun holatiga koʻra mamlakatimizda 9 ming 349 ta fuqarolar yigʻinlari mavjud boʻlib, ularning 41 tasi shaharcha fuqarolar yigʻini; 73 tasi qishloq fuqarolar yigʻini; 165 tasi ovul fuqarolar yigʻini; 9 070 tasi mahalla fuqarolar yigʻinlaridir.

    Jumladan, 4 ta mahalla jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi, 580 ta fuqarolar yigʻinlari yurtimizning qoʻshni mamlakatlar bilan chegara va anklav hududlarida joylashgan.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari — mahalla, qishloq, ovul va shaharcha fuqarolar yigʻinlarida fuqarolar yigʻini raisi saylanadi.

    Mazkur Qonunga muvofiq, fuqarolar yigʻini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega boʻladi.

    Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.

    Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi. Mazkur saylovni tashkil etish va oʻtkazish ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yigʻini tomonidan, fuqarolar yigʻinini chaqirish imkoni boʻlmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yigʻilishi tomonidan uch yilga saylanadi. Fuqarolar yigʻini raisini saylashda fuqarolar yigʻinining yoki fuqarolar vakillari yigʻilishining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega boʻladi. Fuqarolar yigʻini raisi saylovi ushbu lavozimga ikki va undan koʻp nomzod koʻrsatilgan holda amalga oshiriladi.

    Qonunga muvofiq, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Davlat organlari fuqarolar yigʻinlariga koʻmaklashish, zarur hollarda ularni bino, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlashi belgilangan.

    Shuningdek, mazkur hujjatda fuqarolar yigʻini raisi saylovi, saylovga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va tartibi saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.

    Joriy yilning 16-mart kuni Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining tegishli buyrugʻi ijroga qaratilib, unga koʻra saylovga oid maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish, ommaviy axborot vositalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha Ishchi guruhlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar Kengashlarining qarorlari bilan 221 ta koʻmaklashuvchi komissiyalari tuzilib, saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga doir tadbirlar rejalari tasdiqlandi.

    Komissiyalar tarkiblariga qator idora va tashkilotlarning rahbarlari, deputatlar va keng jamoatchilik vakillari qamrab olindi. Hozirgi kunda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qator ishlarni amalga oshirilmoqda. Jumladan,

    🔹 fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir uslubiy tavsiyalar, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir namunaviy hujjatlar toʻplami;

    🔹 hududlarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi boʻyicha 100 savolga 100 javob toʻplami;

    🔹 “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi boʻyicha infografikalar tayyorlandi.

    Shuningdek, mahalla kesimida saylov yoshiga toʻlgan fuqarolarning roʻyxati hamda saylov oʻtkaziladigan manzil va obyektlarning roʻyxati shakllantirildi. Qonunchilikka muvofiq, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish uchun fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) qarori bilan ishchi guruh tuziladi.

    Ishchi guruh tarkibiga, fuqarolar yigʻinining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek, tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining deputati kiritiladi. Mazkur Ishchi guruhlar fuqarolar yigʻini yoki fuqarolar vakillarining yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni oʻtkazishdan kamida 5 kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi. Shuningdek, tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflarni tayyorlaydi.

    Demak, Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar koʻrsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi tashkil etilayotganda hamda oʻtkazilayotganda fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar haqida, ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida xabardor qilinadi.

    Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish, fuqarolar yigʻini yoki fuqarolar vakillarining yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar toʻgʻrisidagi axborot Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tegishli rasmiy veb-saytlariga saylov oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtiriladi.

    Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, qoida tariqasida oliy maʼlumotli, bevosita saylovga qadar kamida 5 yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi kerak.

    Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ogʻir yoxud oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod sifatida koʻrsatilmaydi.

    Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) qonunchilikda belgilangan tartibda chaqiriladi va oʻtkaziladi. Bunda fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi kerak.

    Hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini mahallalar miqyosida tushuntirish ishlari boshlangan. Joriy yil 7-aprel kuni yakunlariga koʻra aholi oʻrtasida 7 ming 94 ta targʻibot tadbirlari tashkil etilib, jami 1 million 497 ming 513 nafar aholi vakillari qamrab olindi.