Fuqarolarga «soxta havola» yuboruvchi yigitcha oʻzining qopqoniga oʻzi tushib qoldi

    Toshkent shahri, Shayxontohur tumanida yashovchi 39 yoshli B.R. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 11.719.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston tumanida yashovchi 20 yoshli X.Z. sodir etganligi aniqlangan.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan X.Z. Internet foydalanuvchilariga telegram messenjeri orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) joʻnatib, ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni oʻgʻirlab, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan X.Z.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.