Xususan, bugungi kunda soliq organlari tomonidan 45 turdagi elektron xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud boʻlgan maʼlumotlarni qogʻoz koʻrinishida olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim boʻlmagan hujjatlarni talab qilishni cheklash kabi maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar tomonidan aholidan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi (STIR olganlik) faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
Yaʼni, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslarning soliq organlarida hisobga qoʻyilganligini soliq organidan mustaqil ravishda yoki “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olishi lozim.
Shuningdek, farmon bilan 2021-yil 1-iyundan boshlab 16 yoshga toʻlgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshirilishi belgilandi.
Shunga asosan, 2021-yil 1-iyuldan boshlab soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga oʻtiladi.
Yaʼni, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini (STIR) berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish bekor qilinadi, deya xabar beradi Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati.
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.
Bu oʻz navbatida fuqarolarning vaqtini tejash va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning har bir davlat organida bir xilda yuritilishiga olib keladi.