Samarqand tumani Gaffarov koʻchasida yashovchi 28 yoshli M.Sh. Samarqand shahri boʻyicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qildi.

U oʻz arizasida Samarqand shahri S.Ayniy mahallasida yashovchi 42 yoshli I.D.(ayol) uni Isroil davlatiga ishlashga yuborishini vaʼda qilib, 2019-yil noyabr oyidan 2021-yil yanvar oyiga qadar boʻlib-boʻlib, jami 14.100 AQSH dollarini olgani, biroq shu kunga qadar I.D. uni Isroil davlatiga yubormasdan, pullarini qaytarib bermay aldab kelganini yozgan.

Bundan tashqari, Samarqand tumani Qoʻshmasjid MFYda yashovchi 36 yoshli D.U. ham xuddi shu mazmundagi ariza bilan murojaat qilgan. I.D. (ayol) uni ham Isroilga yuborishini vaʼda qilib, 2019-yil dekabr oyidan 2020-yil yanvar oyiga qadar boʻlib-boʻlib, jami 10.000 AQSH dollarini olgan. Biroq shu kunga qadar uni na Isroil davlatiga yuborgan, na pullarini qaytarib bergan.

"Mazkur holatlar yuzasidan Samarqand shahar boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Jinoyat ishi doirasida jinoyatning kelib chiqish sabablari oʻrganilib, huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda", — deb maʼlum qildi IIV huzuridagi Tergov departamenti.