Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad “Vatanparvar” tashkiloti hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, tashkilot tizimida fuqarolarni texnik kasblarga o‘qitish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat.
“Vatanparvar” tashkilotining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, “GM O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi, “SAMIST AUTO” MChJ qo‘shma korxonasi hamda “Swift Road Academy” MChJ mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Konferensiya “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirovning nutqi bilan boshlandi. O‘z nutqida u fuqarolarni ish bilan ta’minlashning eng samarali usuli bu – ularni kasb-hunarlarga o‘rgatish ekanligini ta’kidladi va tashkilot tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, ilgari “Vatanparvar” tashkiloti tasarrufidagi o‘quv muassasalarda avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida turli toifalarda haydovchilar tayyorlab kelingan bo‘lsa, ushbu tizim qayta ko‘rib chiqilib, tashkilot bazasida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yana qo‘shimcha 10 xil kasblarga o‘qitishga doir mexanizm yo‘lga qo‘yildi:
“Texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda fuqarolar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitila boshlandi;
“Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro podyomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Ahamiyatli jihati shundaki, “Vatanparvar” tashkiloti mamlakat aholisining ish bilan band bo‘lmagan vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularga jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishga ko‘maklashish maqsadida, o‘z faoliyatidagi yangicha tizimni joriy etdi.
“Vatanparvar” tashkiloti tizimida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini texnik kasblarga imtiyoz asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Har yili o‘rtacha 100-150 ming nafar fuqarolar haydovchilik kasbiga o‘qitilmoqda.
Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda xorijda vaqtincha ishlash istagida bo‘lgan 200 dan ortiq o‘zbekistonlik fuqarolar haydovchilik kasbiga o‘qitilib, Yevropa davlatlariga yuborildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning o‘zida aholiga haydovchilik bo‘yicha sifatli ta’lim berish maqsadida, “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalariga 600 dan ortiq yangi zamonaviy yengil va yuk avtomobillari xarid qilindi.
So‘ngra konferensiya ishtirokchilari o‘z faoliyatlaridan kelib chiqib, vazirlik va idoralarda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdilar hamda ushbu yo‘nalishda “Vatanparvar” tashkiloti bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlariga to‘xtalib o‘tdilar. Har bir ma’ruzachi o‘z nutqi yakunida bu boradagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.
Konferensiya davomida “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida avtomototransport vositalari haydovchilari, texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislari va murakkab texnikalar boshqaruvchilarini tayyorlash bo‘yicha yaratilgan moddiy-texnik negiz va tajriba ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tgan tadbir yakunida tashkilot hamda vazirlik va idoralar o‘rtasida fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga o‘qitishga doir hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbir doirasida tashrif buyuruvchilarga “Vatanparvar” tashkilotida avtokross, motokross, karting, duatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, raketamodel, aviamodel, kemamodel kabi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha tashkil etilgan seksiyalar va to‘garaklarning ko‘rgazmalari namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati