Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Termiz shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “Oʻzbekiston Temir yoʻllari” AJ Termiz qoʻriqlash otryadi muhandisi S.D., fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni qoʻriqlash otryadiga ishga kiritib qoʻyish evaziga olgan 2 300 AQSH dollaridan 1 300 AQSH dollarini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament, DXX va IIVning Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.K. boshqa bir fuqaro Yu.ni 4 500 AQSH dollari evaziga Koreya davlatiga ishga joʻnatishga kelishib, oldindan 2 000 AQSH dollari va 10,9 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.N. fuqaro A.ni 2 000 AQSH dollari evaziga Latviya davlatiga ishga yuborishga ishontirib, oldindan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, shuningdek, tekshiruvda M.N. boshqa bir fuqaro A.A.ni ham Serbiya davlatiga ishga yuborish evaziga 800 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-modda (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib,tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, agarda Siz xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlsangiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlaringizni soʻraymiz. Bu bilan, Siz nafaqat oʻz xavfsizligingizni taʼminlagan boʻlasiz, balki kafolatlangan mehnat sharoitlariga ham ega boʻlasiz.