Qayd etilishicha, DXXning Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahrida yashovchi, 1966-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs aldov yoʻli bilan oʻzgalarning ishonchiga kirib, hozirda faoliyat yuritmayotgan Andijon shahridagi turistik firma nomidan 10 nafar fuqaroni “Haj” ziyoratiga yuborishini aytib, evaziga har biri uchun 5 ming AQSH dollaridan jami 50 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda Qarshi shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi, 1985-y.t. shaxs firibgarlik yoʻli bilan fuqaroning ishonchiga kirib, u va uning qarindoshini poytaxtdagi tanishlari orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Namangan shahrida qayd etilgan holatda esa mahalliy turistik firmalardan birining menedjeri 2 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Haj” amallarini ado etish uchun yuborish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari tomonidan ushlandi.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma ishchisi Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga Qoʻqon shahrida 9 ming AQSH dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.