Qayd etilishicha, DXXning Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 1990-y.t. shaxs Navoiy shahrida yashovchi fuqaroni “Turkiya-Yevropa-Meksika” yoʻnalishi orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish evaziga 28 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xizmatning Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 2000-y.t., muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qoʻshma Shtatlarga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida kuzatilgan holatda esa, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 2000-y.t. shaxs mahalliy fuqaroni Turkiya-Ispaniya-Meksika yoʻnalishi orqali Amerikaga ishlash maqsadida yuborish uchun mansabdor tanishlari orqali viza rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari va 26 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xizmatning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. shaxs Shirin shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Amerika Qoʻshma Shtatlariga ishga yuborish hamda viza va boshqa hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 52 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.