Fuqarolarni tinglab: qonun bor va adolat ustuvor!

    Bu tamoyil xatirchilik fuqaroning buzilgan huquqi O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tuman jamiyati ko'magi bilan sud tomonidan himoya qilinganida yana bir namoyon bo'ldi.

    Gap shundaki, Navoiy viloyati Xatirchi tumani "Kattasoy" MFYda yashovchi G'.Ikromov turmush o'rtog'i Z.To'raevaning bankdan olayotgan 33 million so'm kredit mablag'ini tumandagi “Yangirabod savdo provayder” MCHJga o'tkazib mototransport olgan. Ammo u nosoz chiqqani sababli MCHJga qaytarib bergan. Oradan 3 oy o'tishiga qaramay mototransport vositasini ololmay ovvora-yu sarson yurgan.

    Nihoyat G'.Ikromov O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Xatirchi tuman jamiyatiga bo'lgan voqeani aytib, bu borada buzilayotgan huquqlari himoya qilinishida amaliy yordam so'rab murojaat qilgan.

    Murojaatni joyiga borib o'rgangan jamiyat mas'ul xodimlari asl holat bilan tanishdi va “Yangirabod savdo provayder” MCHJ mas'ullariga tegishli qonunchilik asoslari bo'yicha huquqiy tushuncha bersalar-da, hech qanday natija bo'lmadi.

    Shundan so'ng, Xatirchi tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqaro Z.To'raevaning manfaatini ko'zlab da'vogar sifatida Fuqarolik ishlari bo'yicha Xatirchi tuman sudiga da'vo arizasi kiritdi. Da'vo arizasini ko'rib chiqqan sud mahkamasi Z.To'raevaga javobgar “Yangirabod savdo provayder” MCHJdan 33 million so'm mablag'ni hamda 5 million so'm ma'naviy zararni undirish bo'yicha qaror qabul qildi.

    Shu tariqa adolat qaror topdi va yana bir iste'molchi muammosi hal etildi.