Fuqarolarning huquqlari xorijda ham birdek himoya qilinishi lozim

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning xorijiy davlatlardagi  vakolatxonalari orqali xorijda ishlayotgan 105 187 nafar mehnat migrantiga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko'rsatilib, 348,1 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqi undirib berilgan.

    Bugungi kunda Ombudsman instituti hozirgi zamon demokratik jamiyatining hayotida muhim oʻrin tutadi. Bu – bejiz emas, chunki Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) jamiyat taraqqiyotiga bevosita taʼsir etuvchi bir qator vazifalari bor, ularni samarali amalga oshirilishi, avvalo, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivoj topishiga, odamlarning davlatga boʻlgan ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

    Ayniqsa soʻnggi yillardagi Ombudsman faoliyati davlat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. Shu boisdan bugun Ombudsman instituti Oʻzbekistonda ijro hokimiyati faoliyatida qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

    Bunda ayniqsa, bevosita fuqarolarning murojaatlariga asoslangan holda ularning buzilgan huquqlarini tiklash, manfatlarini himoya qilish muhim oʻrin tutadi. Bu esa nafaqat mamlakatimizning oʻzida, balki undan tashqarida ham hamyurtlarimizning huquqlarini himoya qilish lozimligini anglatadi.

    Shu oʻrinda aytish joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarish boʻyicha samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hukumat tuzilmasi – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti tashkil etildi.

    Shu bilan bir qatorda mehnat migrantlariga koʻp kvartirali uylar ajratish, miqdori 2 mln soʻmgacha boʻlgan mikroqarzlarni tezkor rasmiylashtirgan holda bir bank kuni ichida taqdim etish, mehnat migrantlari hayoti va salomatligini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta badallarini qoplash uchun subsidiyalar ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

    Chet elda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarda toʻlanadigan moddiy yordam bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha oshirildi.

    Chet elda mehnat faoliyatini yakunlab qaytgan shaxslarning tadbirkorlik faolligini ragʻbatlantirish maqsadida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar toʻlanishi belgilandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari orqali xorijda ishlayotgan 105 187 nafar mehnat migrantitga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatilib, 348,1 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.

    Shuningdek, 651 nafar mehnat migrantiga “birgamiz.com” portali orqali Agentlik tomonidan toʻgʻidan-toʻgʻri yoʻnaltirilgan bir martalik moddiy, 459 nafariga oziq-ovqat va naqd pul koʻrinishida yordam koʻrsatilgan. Boshpanasiz qolgan 81 nafar mehnat migranti xostellarga joylashtirilib, 55 nafar ogʻir vaziyatga tushib qolgan, 34 nafar Rossiya Federatsiyasi IIV Vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan mehnat migrantlari va 120 nafarga yaqin vafot etgan fuqarolarning jasadlari Vataniga qaytarib olib kelingan.

    Ombudsmanning Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida joriy yilning 17-21-may kunlari Rossiya Federatsiyasiga qilgan xizmat safari ham bu yoʻnalishda qoʻyilgan navbatdagi qadam boʻldi. Ushbu tashrifning ahamiyati shundaki, safar doirasida ikki mamlakat inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi va bu boradagi aniq rejalar belgilandi. Shu bilan birga, Rossiyada mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining qabuli oʻtkazilib, ularning muammolari oʻrganildi.

    Aslida, mehnat migratsiyasi masalari ham migrantlarni yuborayotgan va ularni qabul qilayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun juda muhim. Zero, aksariyat migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda mehnat muhojirlari bozor ehtiyojlariga boʻlgan talabni qondiradi, demografiyaga oid past koʻrsatkichlarning oʻrnini toʻldiradi va ishchi kuchi qisqarishini kamaytiradi. Agar ularning muayyan qismi oʻz bisnesini yoʻlga qoʻysa, bu qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi. Qolgan ishchi qatlam ham soliq va majburiy toʻlovlarni amalga oshirib, oʻsha mamlakat xazinasini boyitadi. Oʻz navbatida, pul topish uchun chet davlatlarga ketgan fuqarolar oʻz Vatanida qolgan oilalari va qarindoshlariga mablagʻ joʻnatish orqali valyuta oqimini shakllantiradi. Shunday ekan, mehnat muxojirlari huquqlarini himoya qilish – har ikki tomon uchun manfaatli masala. Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga qilgan tashrifining yana bir ahamiyatli tomoni ham shunda.

    Hozirda Rossiya Federatsiyasi hududida bir yarim millionga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi mehnat qilayotganligini va ular bilan bogʻliq juda koʻp masalalar paydo boʻlayotganligini hisobga olsak, mehnat muxojirlari huquqlari himoyasi mamlakimizning tegishli idoralari qatori Ombudsmanga ham qanchalik katta masʼuliyat yuklayotganini anglash qiyin emas.

    Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolari bilan suhbatlar chogʻida yurtdoshlarimiz Vataniga imkon qadar tez qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, bank kreditlari va jarimalar boʻyicha qarzdorlikni qoplash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda koʻmak koʻrsatish kabi muammolarni koʻtardilar. Shuningdek, mehnat hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa qator masalalar ham murojaatlarda alohida qayd etildi.

    Aslida, hamyurtlarimiz RFda duch kelayotgan shu kabi muammolarning tub negiziga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularning asosiy sababi – mehnat migrantlarining huquqiy savodxonlik darajasining yetarli emasligi koʻzga tashlanadi. Avvalo, mamlakatda boʻlib turish muddatlariga ogʻishmay amal qilish talab etiladi. Chunki, koʻpgina Oʻzbekiston fuqarolari aynan shu muddatlarni turli sabablar bilan buzilishiga koʻra, RFdan chiqib ketishga majbur boʻlishadi. Bundan avval esa sud boʻladi, soʻng migrant vaqtincha joylashtirish markazida saqlanadi, keyin esa mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

    Bularning barchasi kuchli stress holatiga olib kelishi turgan gap. Oqibati esa undan ham yomon: RF hududida boʻlib turish muddatining bir kunga buzilishi bu - mamlakatga bir yoki ikki yil kelolmaslikka sabab boʻladi. Bu kabi muammolarning oldini olish uchun esa avvalo, huquqiy savodxonlik, huquqiy madaniyatni yuksaltirimiz lozim. Bu borada zudlik bilan aniq amaliy ishlarni qilishimiz talab etiladi.

    Shu bilan bir qatorda ikki davlatning mehnat migratsiyasiga oid qonun hujjatlari izchil takomillashtirilishi, bu jarayonda har ikki tomon manfaatlari teng koʻzda tutilishi lozim. Bugungi kunda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolangan.Memorandum doirasida yordamga muhtoj fuqarolarga amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda.

    Umuman, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizga yaqin qoʻshni davlatlardagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari oʻrtasidagi hamkorlikning kuchaytirilishi, bu borada toʻplangan tajriba bilan oʻrtoqlashish, xalqaro tajribani oʻzimizda qoʻllash fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish, pirovardida ularning huquqlarini, joyidan qatʼiy nazar – u hoh mamlakatimiza, hoh undan tashqarida boʻlsin – yuqori darajada himoyalashga xizmat qiladi.

    Feruza ESHMATOVA,

    Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)