Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilandi.

Shuningdek, shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi koʻzda tutildi.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, sudyalarning muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligi belgilandi.

Shuningdek, sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga yoki uning vakolatlarini toʻxtatib turishga, boshqa lavozimga oʻtkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga koʻra yoʻl qoʻyilishi koʻrsatildi.

Mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.