Fuqarolarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi

    Prezident tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ-922-son, 18.03.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

    “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonunga ijarachining nogiron boʻlib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos boʻlishini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.

    “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini toʻlash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

    Shuningdek fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.

    Bundan tashqari, Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam isteʼmol xarajatlari darajasidan oz boʻlmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning isteʼmol narxlari indeksi darajasining oʻsish surʼatlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.

    Shu bilan birga “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga fuqaroda davlat pensiya taʼminoti huquqi yuzaga kelganligi toʻgʻrisida Pensiya jamgʻarmasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan maʼlumotlar fuqaroning pensiya toʻlovlarini olishi uchun asos boʻlishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.