Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan keyingi yillarda yuzlab yurtdoshlarimiz ana shunday maqomga erishdi – Oʻzbekiston fuqarosi boʻldi. Ular hayotida yangi sahifa ochildi, hayoti joʻshqinlashdi. Bu yangi Oʻzbekistonimizdagi xalqchil islohotlar samarasi edi.

Taʼkidlash joizki, bugun oʻtgan 4 yilda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan yurtdoshlarimiz soni 17 mingga yaqinlashdi. Aslida ular ham biz kabi vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida mehnat qilmoqda, halol ishlab, roʻzgʻor tebratmoqda. Biroq fuqarolik olgunga qadar biz foydalangan ayrim huquqlar — imkoniyatlardan foydalana olmagan. Ularda saylash va saylanish huquqi boʻlmagan, mehnat qilganu rohat topmagan, xorijga chiqish orzu boʻlib kelgan. Ayrim hollarda esa imkoni boʻla turib tugʻishgan jigarlarining, ota- onasining diydorini borib koʻra olmagan. Qancha tadbirkorlar oʻz ishini kengaytirish va salohiyatini oshirish maqsadida davlat banklaridan kredit olmoqchi boʻlgan-u, “fuqaroligi boʻlmaganligi uchun” vaji bilan bu imtiyozdan foydalana olmagan. Bu va bu kabi bir qator cheklovlar, taqiqlar baʼzan ularni qisinib-qimtinib yashashga mahkum qilgan. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga tatbiq etilgan fuqarolik masalalariga oid qonunchilikning takomillashtirilgani esa ularning hayotidagi ana shu toʻsiqni bartaraf etdi.

“Savollarimning javobi bor edi, biroq..."

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 152-umumtaʼlim maktabi direktorining oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha oʻrinbosari Ahmadjon Tursinmetov 1971-yili Qozogʻistonning Turkiston viloyatida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining rus tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan. 1994-yili universitetni bitirgach, davlatga uch yil majburiy ishlab berish uchun Toshkent shahridagi 227-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilik qila boshladi. Biroq uch yil emas, oʻn ikki yil shu maktabda oʻquvchilarga rus tili va adabiyotidan saboq berdi, hayotining chiroyli pallalari shu dargohda kechdi: direktor oʻrinbosari, maktab direktori lavozimiga tayinlandi. Biroq maktab rahbari etib tayinlangach, Ahmadjon aka uchun ogʻir va sinovli kunlar boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagani tufayli goh oshkor, goh pinhon “maktab direktori lavozimiga loyiq emasligi” tanqid qilindi. 2006-yili bunday tazyiq lardan charchagan direktor oʻz vazifasidan ozod etishlarini soʻrab ariza yozdi.

— Oʻqituvchilik hayotimning bir qismi edi. Shu bois, taʼlimdan koʻngil uzib ketolmadim, — deydi Ahmadjon Tursinmetov. — Yashnobod tumani xalq taʼlimi boʻlimi davlat taʼlim standartlari monitoring boʻlimi inspektori sifatida ishimni davom ettirdim. Soʻng metodistlikka oʻtkazishdi. Biroz muddat tuman maktabgacha taʼlim boʻlimida ham ishladim. Yangi oʻquv yilidan esa 152-umumtaʼlim maktabida direktor oʻrinbosari sifatida ish boshladim. Lavozim masalasi koʻtarilgan paytda har safar mum tishlab qolardim. Savollarimning javobi bor edi, biroq oshkor etilmasdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan biz va biz kabi fuqaroligi yoʻq yuzlab yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston fuqarosi boʻldik. Fuqarolik olish uchun hujjatlarimizni topshirganimizdan soʻng dastlab oʻgʻlimga xushxabar keldi. Birozdan soʻng men, 10 kunlik farq bilan esa qizim fuqarolik oldik.

A.Tursinmetov ikki farzandiga yaxshi taʼlim-tarbiya berdi, elga qoʻshdi. Oʻgʻli Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlab, Hyatt Regency mehmonxonasida ishlayapti. Qizi esa mazkur institutining 4-kurs talabasi.

“Otam va akamni soʻnggi yoʻlga kuzatolmaganim — eng katta armonim”

Sirdaryolik Moʻminxoʻjayevlar xonadonida ketma-ket oilaning 3 aʼzosiga fuqarolik berildi. Oilaboshi Moʻminxoʻja Moʻminxoʻjayev qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasida tugʻilgan. Margʻilon hisob-kredit texnikumida tahsil olgan. Ayni paytda Sirdaryo viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazida hisobchi.

— Texnikumda oʻqishni tugatgach, oʻz xohishimiz bilan Sirdaryoning Boyovut tumanida yashab qoldik. Biz oilada 11 farzand edik. 5 nafarimiz Oʻzbekistonda yashaymiz, ota-onamiz va qolgan jigarlarimiz Qirgʻizistonda edi. Dastlab otam, 3 yildan soʻng akam yorugʻ dunyoni tark etdi. Fuqaroligim yoʻqligi sababli ularni soʻnggi yoʻlga kuzatolmadim. Bu — eng katta armonim.

Bu yerda toʻkis hayot kechirishimiz uchun barcha sharoit muhayyo. 2005-yili tomorqamizning 2 sotix joyida issiqxona tashkil etib, pomidor va bodring yetishtirishni yoʻlga qoʻydik. Oʻzimizdan ortib, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻyni ham mahsulot bilan taʼminladik. Mehnatimiz tufayli xonadonimizga baraka kirdi: roʻzgʻorimiz but, dasturxonimiz toʻkin. Kichkina joydan moʻmaygina daromad qila boshlagach, issiqxona joyini 5 sotixga kengaytirdik. 2014-yili esa 30 tup limon koʻchati keltirib ekdik. Bu koʻchatlar 3 yilda hosilga kirdi. Biroq bu issiqxonani kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash uchun qoʻshimcha mablagʻ kerak, buning uchun bankdan kredit olishimiz lozim edi. Afsuski, fuqaroligimiz yoʻqligi uchun istagimizni amalga oshira olmadik.

Fuqarolik olgan Moʻminxoʻja aka zudlik bilan “Turonbank”ka hujjat topshiribdi. Ayni kunlarda tadbirkorligini rivoj lantirish uchun astoydil bel bogʻlagan. Bundan tashqari, xonadon tomorqasida 100 tupdan ortiq anor hosilga kirgan, 60dan ortiq parranda parvarish qilinmoqda.

Bugun mamlakatimizda har bir sohada misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda. Barchasining zamirida xalqimiz toʻkis va farovon yashasin, degan maqsad namoyon. Odamlar orasida ular bilan teng huquqli boʻlib yashash imtiyozi ham ana shunday ezgu ishlarning eng yaxshilaridan biridir.