Taʼkidlanganidek, loyiha bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga yangi institut joriy etilmoqda. Unga koʻra, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish agar daʼvoning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan oʻn baravaridan, fuqarolarga nisbatan esa besh baravaridan oshmasa, daʼvo arizalari boʻyicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilishi belgilanmoqda.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmagan muddatda koʻrib chiqilishi koʻzda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizning “Biznes yuritish” indeksi Kontraktlar ijrosini taʼminlash indikatorida oʻz koʻrsatkichlarini yaxshilashga, tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan yuridik shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga va ularning ortiqcha sarf-xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.