Xorazm viloyati IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borildi. Unga ko‘ra, Yangiariq tumanida yashovchi fuqaro O.J. o‘zganing ishonchiga kirish orqali pullarni o‘zlashtirib olgani maʼlum bo‘ldi.

O.J. 2022-yil 19-yanvar kuni unga notanish bo‘lgan Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi Y.M. bilan telegram messenjeridagi guruhda tanishgan. O‘zining “Samsung A12” rusumli telefon apparatini 1.570.000 so‘mga sotishga kelishib, Y.M.dan 270.000 so‘m miqdoridagi pullarni aldov yo‘li bilan avans tariqasida bank kartasiga tashlatib olgan.

Ertasi kuni telefon yuborish uchun 300.000 so‘m hamda yana 1.000.000 so‘m pullarni o‘ziga olib, vaʼda qilingan telefonni jo‘natmasdan firibgarlik jinoyatini sodir etgan.

O.J.ga nisbatan JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

"Hurmatli fuqarolar, notanish insonlardan tovar va narsalarni xarid qilganda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishingizni, jinoyatdan jabrlanib qolmasliklaringizni so‘raymiz", deyiladi xabarda.