Qarorga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan “Ye-patrul” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.

Barcha maʼlumotlar elektron tekshiriladi va patrul-post xodimi faoliyati “bodikamera”ga tasvirga olinadi.

Nizomga koʻra, xodimlar quyidagi hollarda fuqaroni toʻxtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki “Ye-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:

▫️shaxs jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilishga asos boʻlsa;
▫️shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida maʼlumotga ega deb hisoblash mumkin boʻlsa;
▫️shaxsni ushlab turishga boshqa qonuniy asoslar boʻlsa.

Xodim shaxsni toʻxtatganda uni toʻxtatganlik sabablari va asoslarini tushuntirishi shart.

Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan fuqaro quyidagi hollarda ichki ishlar organiga olib boriladi:

▫️uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni boʻlmaganda;
▫️qidiruvda boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslar aniqlanganda;
▫️shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik koʻrsatganda;
▫️jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlanganda.