Uchrashuvda Oʻzbekiston va YeXHT oʻrtasidagi hamkorlik holati va istiqbollari, Tashkilotning respublikadagi loyihaviy faoliyatini yanada faollashtirish yoʻllari muhokama etildi.

Tomonlar YeXHT institutlari bilan Tashkilot faoliyatining barcha uch yoʻnalishi boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Uchrashuvda ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va Orolning qurish oqibatlarini yumshatish kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha YeXHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xorijiy delegatsiyaga 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Muloqot chogʻida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.