1976-yilda barpo etilgan 140 oʻringa moʻljallangan ushbu davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga davlat byudjetidan 97 mln. soʻm va homiylik mablagʻlari hisobidan qariyb 300 mln. soʻm mablagʻ sarflandi. Hashar yoʻli bilan asosiy oʻquv binosi, kanalizatsiya tarmogʻi taʼmirdan chiqarilib, bolalar ayvonchasi yangidan barpo etildi.

Ayni kunda bogʻchada bolajonlarga 50 nafar pedagog xodimlar taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda. Tarbiyalanuvchilar uchun badiiy gimnastika, mental arifmetika, shaxmat, ingliz tili mashgʻulotlari, yoʻl qoidalarini oʻrgatish maqsadida “Yoʻl harakati maydonchasi” tashkillangan. Eʼtiborlisi, maktabgacha taʼlim muassasasi bolajonlarga milliy qadriyatlarimizni singdirish uchun oʻzbekona koʻrinishda bezatilgan.

Ochilish marosimidan soʻng mehmonlar oʻgʻil-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Bu kabi ezgu ishlar “Chilgijiyda”, “Boltakoʻl”, “Chekchuvaldoq” mahalla fuqarolar yigʻinlarida joylashgan 25- 37- va 49-sonli DMTTlarda ham hashar yoʻli bilan olib borilmoqda.

Furqat tumanida 3-7 yoshdagi bolalar 9 ming 960 nafardan ziyodni tashkil etib, tumanda jami 180 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud. Shundan 52 ta davlat, 5 ta davlat-xususiy sheriklik, 123 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari hisoblanib, ularga 9 ming 700 nafarga yaqin bolalar qamrab olinib, qamrov darajasi 97,4 foizni tashkil etmoqda, deb xabar beryapti Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.