Mazkur holat yuzasidan vazirlikning maʼlum qilishicha, Toshkent shahridagi Talabalar shaharchasida Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hali rasmiy ravishda foydalanishga topshirilmagan.
Maʼlum boʻlishicha, obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, undan foydalanish uchun zarur ruxsatnomalar ham olinmagan. Shu sababli mazkur obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud boʻlmagan.
Amaldagi tartibga koʻra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi va belgilangan tartibda yoʻllanma olganidan soʻng yotoqxonaga joylashtiriladi.
Biroq tadbirkor tomonidan mazkur obyektga ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yoʻllanmasiz joylashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli boʻlmagan boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari ham ushbu obyektga joylashtirilgan.
Holat aniqlanganidan soʻng talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni taʼminlash maqsadida barcha talabalar obyektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud boʻsh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan.
Boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari esa tegishli masʼullar orqali oʻz taʼlim muassasalariga qaytarilgan. Xorijiy talabalar ham zarur ruxsat hujjatlarisiz, rasman foydalanishga topshirilmagan obyektga joylashtirilishi mumkin emasligi sababli xavfsizlik choralari doirasida u yerdan chiqarilgan.
Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, obyektda issiq suv va isitish tizimlari hali toʻliq ishga tushirilmagan.
Qayd etilishicha, mazkur obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali oʻtkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda toʻliq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda oʻtkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obyektdan foydalanish boshlanmagan.
Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obyekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan toʻlovlar tadbirkor tomonidan toʻliq, yaʼni 100 foiz miqdorida qaytarib berilgan.
Taʼkidlanishicha, talabalarning obyektga belgilangan tartibga rioya etilmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilganidan universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor boʻlmagan.
Holat aniqlanganidan soʻng talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida tegishli choralar koʻrilgan.