Ushbu uchrashuv CAFA Womenʼs Championship-2022 turniri gʻolibini aniqlab beruvchi oʻyin boʻlgani sabab mazkur bahs ikkala terma jamoa uchun ham qiyin kechdi. Oʻyinning 85-daqiqasiga kelibgina Maftuna Shoyimova hamyurtlarimizning gʻalaba golini kiritishga muvaffaq boʻldi.
Shu tariqa, CAFA Womenʼs Championship-2022 turnirida barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratgan Midori Honda shogirdlari 100 foizlik natija bilan turnir chempionligini qoʻlga kiritdi. Eʼtiborlisi, futbolchi qizlarimiz turnir davomida raqiblari darvozasini 20 marotaba ishgʻol etib, oʻz darvozalari daxlsizligini saqlab qoldi.
2-oʻrin 9 ochko jamgʻargan Eron ayollar terma jamoasiga, 3-oʻrin esa 4 ochko jamgʻargan Qirgʻiziston ayollar terma jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, jamoamiz aʼzosi Nilufar Qudratova turnir toʻpurari (5 ta gol) va musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deya eʼtirof etildi.
Maʼlumot uchun: CAFA Womenʼs Championship-2022 turnirida Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi Tojikiston hamda Turkmaniston ayollar milliy terma jamoalarini bir xil — 6:0 hisobida, Qirgʻiziston terma jamoasini 7:0 hisobida magʻlubiyatga uchratgan edi.