Joriy yilning 1 aprel` kuni JCh-2022 o'yinlariga qur'a tashlangan va musobaqa taqvimi e'lon qilindi. Chempionatning ochilish o'yini mahalliy vaqt bilan soat 13:00 ga (Toshkent vaqtidan 2 soat oldin) belgilangandi. Unda Qatar va Ekvador milliy jamoalari kuch sinashishi kerak edi.

Biroq, ertasi kuni tashkilotchilar o'yinlar o'rnini o'zgartirishga qaror qilishdi. Natijada, mezbonlar turnirni soat 19:00 da, Senegal – Niderlandiya va Angliya – Eron o'yinlaridan keyin boshlaydigan bo'ldi.

Bu esa 2006 yildan buyon davom etayotgan an'ananing buzilishi – turnirning ilk o'yini mezbonlar ishtirokida bo'lmasligini anglatar edi.

Nima uchun birinchi va ikkinchi kun o'yinlari o'rni almashtirildi? Bunga ikki sabab keltirildi. Birinchidan, Qatar va ekvador o'yini soat 13:00 da boshlansa, bu paytda Ekvadorda tonggi 5:00 bo'ladi. Bu esa muxlislarga noqulaylik tug'diradi. FIFA o'yinlar vaqtini ikki tomon uchun ham qulay bo'lishini avvaldan aytgan edi.

Ikkinchidan, Qatar amiri o'yinning kechqurun o'tkazilishini xohlagan. Chunki u mushakbozlik tomoshasini o'tkazishni istagan. Kunduz kuni esa bunday tadbirning jozibasi pasayar edi.

Musobaqa taqvimini o'zgartirish uchun FIFA kengashining byurosi yig'ilish o'tkazishi va qaror qabul qilishi lozim edi. Unga tashkilot prezidenti Janni Infantino va 6 ta konfederatsiya rahbarlari kiradi.

Kecha FIFA kengashining byurosi yig'ilish  bo'lib o'tdi. Unda mundial boshlanishini 21 noyabrdan 20 noyabrga ko'chirish rejasi ma'qullandi.

Shu tariqa chempionatning ochilish marosimi va Qatar – Ekvador bahsi 20 noyabr` kuni “Al-Bayt” stadionida bo'lib o'tadi. U poytaxt Doxadan 35 kilometr uzoqlikda bo'lib, 60 ming tomoshabin sig'adi. Bahs Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.

A guruhining Senegal – Niderlandiya jamoalari o'rtasidagi o'yin, rejalashtirilganidek, 21 noyabr` kuni bo'lib o'tadi, ammo  boshlanish vaqti 15:00dan 21:00ga ko'chirildi.