Milliy Olimpiya qo'mitasi ma'motiga ko'ra, futbol bo'yicha O'zbekiston ayollar olimpiya terma jamoasi saralashning 1-bosqichida “A” guruhidan o'rin oldi. Terma jamoamizga Iordaniya, Timor-Leste va Butan raqiblik qiladi.

Birinchi bosqichda jamoalar bugungi qur'a yordamida 7 ta guruhga bo'lindi. Guruh o'yinlariga bir mamlakat mezbonlik qiladi. Bu bosqich aprel oyida o'tkaziladi. Guruhda birinchi o'rinni egallagan 7 ta jamoa 2-bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritadi.

FIFAning 2022-yil dekabr oyidagi ayollar terma jamoalari reytingida yuqori 5 ta o'rinni egallagan jamoalar (KXDR, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya) ilk bosqichdan ozod etilgan bo'lib, ular saralash turniriga 2-bosqichdan qo'shilishadi.

Ikkinchi bosqichda 1-bosqichdan o'tgan 7 ta jamoa safiga 5 ta jamoa qo'shiladi. 12 ta jamoa qur'a orqali 3 guruhga bo'linadi. Bu bosqich o'yinlariga bir mamlakat mezbonlik qiladi. Guruh g'oliblari va guruhda ikkinchi o'rinni egallaganlar orasida eng yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lgan bir jamoa – jami 4 jamoa yakuniy bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritishadi.

 Uchinchi bosqich. Qur'a yordamida 2 ta juftlik hosil qilinadi. Ular uy-safar tizimida o'yinlarda ishtirok etishadi. G'olib chiqqan 2 ta jamoa Parij-2024 yo'llanmasini qo'lga kiritadi.