Oʻzbekiston oʻsmirlar  terma  jamoasi  qitʼa kubogining chorak final bosqichida Saudiya Arabistoni terma  jamoasini  2:0 hisobida  magʻlub etdi.  

Saudiya Arabistoni terma jamoasi darvozasiga gollarni  oʻyinning  ikkinchi  boʻlimida Ollobergan Karimov va Dilshod Abdullayev kiritdi.

Shu  oʻrinda  taʼkidlash kerakki, oʻyinning birinchi boʻlimida hakam tomonidan  Oʻzbekiston darvozasiga oʻn bir metrli jarima zarbasi belgilandi. Ushbu duelda darvozabonimiz Muhammadyusuf Sobirov ishonchli harakat qilib penaltini qaytardi.

Tailandda oʻtayotgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogida chorak final gʻalaba qozongan yana  3 ta jamoa yarim finalga chiqishdan tashqari, Indoneziyada oʻtkaziladigan jahon chempionatiga yoʻl oldi. Bular Eron, Janubiy Koreya va Yaponiya. 

Endi Osiyo kubogining yarim final bosqichida Jamoliddin Rahmatullayev bosh murabbiyligidagi Oʻzbekiston  oʻsmirlar  terma  jamoasi  29-iyun kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga  qarshi -maydonga  tushadi.

Ikkinchi yarim finalda esa Eron va Yaponiya oʻsmirlari  oʻzaro bellashadi.