Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi davlat va siyosiy faoliyati hamda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yoritishga bagʻishlangan “Yurt qaygʻusida 365 kun” nomli kitobning tantanali taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, “Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobining muharriri, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri, zbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov, taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, Akademiya rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik Furqatjon Nazarov kirish soʻzi bilan ochdi. Podpolkovnik Furqatjon Nazarov oʻz nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratganini alohida taʼkidladi. U “Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobi davlat rahbarining xalq manfaatlarini taʼminlash, mamlakat taraqqiyoti va inson qadrini ulugʻlash yoʻlida olib borgan faoliyatini tarixiy dalillar, ishonchli hujjatlar va tahliliy materiallar asosida yorituvchi muhim nashr ekanini qayd etdi.

Taqdimot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov soʻzga chiqib, kitob zamonaviy Oʻzbekiston tarixini oʻrganishda muhim ilmiy-publitsistik manba ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, nashrda Prezidentimizning xalq bilan ochiq muloqotga asoslangan boshqaruv tamoyili, mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar hamda bunyodkorlik ishlari haqqoniy va tizimli ravishda yoritilgan.

“Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobining muharriri, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov kitobni yaratish gʻoyasi keng kitobxonlar jamoatchiligi, ziyolilar va oʻquvchilarning taklif hamda murojaatlari asosida shakllanganini taʼkidladi. U muharrir sifatida nashrni tayyorlash jarayonida tarixiy xolislik, hujjatlar ishonchliligi va faktlarning aniqligiga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etib, kitob Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining oʻziga xos tarixiy solnomasi sifatida bugungi va kelajak avlod uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Tadbir yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan faxriy mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirilib, ularga “Akademiya esdalik” nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Oʻz navbatida, mehmonlar ham tadbirning yuksak saviyada tashkil etilgani, Akademiyada ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, faxriy mehmonlar Akademiyaning “Akademiya faxriylari kitobi”ga samimiy tilaklari, ezgu istaklari va qimmatli fikr-mulohazalarini yozib qoldirdilar.

Tadbir doirasida sohaga oid, huquqiy, siyosiy va badiiy  kitob yarmarkasi tashkil etilgani ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.