Gʻ. Dustov sud zalidan maʼmuriy qamoqdan ozod qilindi

    Apellyatsiya sudida Gʻ. Dustovning mayda bezorilik sodir etgani tasdiqlanib, birinchi instansiya sudi tomonidan uning harakati toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb topildi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudining 2024-yil 26-dekabrdagi qaroriga muvofiq 1978-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan Gʻ. Dustov Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan edi.

    Bugun Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasida Gʻ. Dustovning advokatlari tomonidan birinchi instansiya sudining qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari sudya F. Ergashev raisligida koʻrib chiqildi.

    Apellyatsiya sudida Gʻ. Dustovning mayda bezorilik sodir etgani tasdiqlanib, birinchi instansiya sudi tomonidan uning harakati toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb topildi.

    Shuningdek, sud Gʻ. Dustov avval ham (1-yil mobaynida) aynan shu turdagi huquqbuzarligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi sababli advokatlarning Gʻ. Dustovga yarashuvga boʻlgan huquqini tushuntirmaganligi haqidagi vajlari bilan kelishmadi.

    Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 3-yanvardagi ajrimiga muvofiq Gʻ. Dustovga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudi tomonidan chiqarilgan qaror oʻzgartirilib, huquqbuzarning pushaymonligi, sogʻligʻi hamda mahalla yettiligining unga yengillik berishni soʻrab kafillik bildirilganligi inobatga olingan holda unga tayinlangan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi 8 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga keltirildi.

    Bugungi kun holatiga Gʻ. Dustov jazoni toʻliq oʻtaganligi bois sud zalidan maʼmuriy qamoqdan ozod qilindi.

    Advokatlarning apellyatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.

    Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi qarori ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.