Ko'krak nishoni bilan birinchilardan bo'lib G'afur G'ulom nomidagi uy-muzeyi direktori Olmos Ahmedova hamda muassasaning ilmiy xodimi Lutfulla Ilhomjonov taqdirlandi.

Adiblar xiyobonida o'tkazilgan tadbirda TDYUU rahbar xodimlari va professor-o'qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, talabalar ishtirok etdi. Mehmonlar G'afur G'ulom haykali poyida to'planib, ulug' adib xotirasiga hurmat bajo keltirdi. SHoirning adabiy merosi va ibratli hayot yo'lini chuqur o'rganishga doir fikrlar bildirildi.

G'afur G'ulom ijodini keng targ'ib etish hamda xotirasini abadiylashtirish bo'yicha Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan qilinayotgan ishlar alohida e'tirof etildi. Jumladan, oliygohda G'afur G'ulom xonasi tashkil etilmoqda. Gafurgulommerosi.uz sayti ishga tushirildi. Tez orada adib haqida hujjatli fil`m suratga olinib, uning shu kungacha e'lon qilinmagan asarlaridan iborat to'plam nashr etiladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti va G'afur G'ulom uy-muzeyi o'rtasida memorandum imzonlangani ham o'ziga xos voqelikdir. Unga ko'ra, universitet muassasani otaliqqa oldi. Ayni vaqtda hamkorlikda uy-muzeyning 3D formatidagi ko'rinishini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

– Bunday tashabbus G'afur G'ulomni jahon uzra tanitishga yordam beradi, — qayd etdi uy-muzey direktori Olmos Ahmedova. — YUrtimizda otamning ijodiga yuksak e'tibor qaratilayotganidan bag'oyatda xursandman. Bugun ko'ksimga taqilgan G'afur G'ulom nomidagi ko'krak nishoni qalbimni faxrga to'ldirdi. ezgu sa'y-harakatlari uchun Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman.

 Eslatib o'tamiz, G'afur G'ulom nomidagi ko'krak nishoni bilan o'qish va ijodda faol talabalar hamda TDYUU professor-o'qituvchilari taqdirlanadi. Istisno tariqasida mukofot hamkor tashkilotlar vakillariga ham berilishi mumkin. Ko'krak nishoni sohiblari uchun bazaviy hisoblashning uch baravari miqdorida pul mukofoti ko'zda tutilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi