“Eng yaxshi yangi taraqqiyot loyihasi” nominatsiyasida birinchi o'rinni egallagan Galataport Istanbul, yangi texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy binolari, tashrif buyuruvchilar sonini oshirishga qaratilgan arxitektura xususiyatlari va boshqa bir qancha afzalliklari bilan e’tirofga loyiq koʻrildi.
Istanbulda koʻrishingiz zarur boʻlgan joylaridan biri hisoblangan Karakoʻyning sayyohlar uchun koʻplab takliflari boʻlib, u yerda hashamatli turar joy va mehmonxonalar, turli xarid markazlari hamda hashamatli restoranlardan to zamonaviy sanʼat markazlarigacha boʻlgan barcha imkoniyatlar mavjud. Karakoʻy markazida joylashgan Istanbulning kruiz porti - Galataport, MAPIC 2023 taqdirlash marosimida dunyo bo'ylab “Eng yaxshi yangi taraqqiyot loyihasi” mukofotiga sazovor bo'ldi. Ushbu e'tirof bilan Galataport va Karako'y shaharning yangi diqqatga sazovor joylari sifatida obro'sini oshirdi.
Galataport Istanbul o'z mehmonlariga o'zgacha tajriba taqdim etadigan mahalliy va xalqaro brendlarning aralashmasiga ega. U boy gastronomiya markazi sifatida ajralib turadi. Uning 40%i taomlanish uchun moʻljallangan kafe va restoranlardan iborat. Bu yerda nafaqat Turkiyaning eng muhim chakana savdo guruhlari va investorlar, balki yirik xalqaro brendlari ham bor.
Karakoʻy - Bosfor manzarasi bilan g'ayrioddiy kashfiyot
Galata ko'prigi yaqinida va xuddi shu nomdagi minora ostida joylashgan Karako'y, Oltin shox (Halich) qirg'oqlaridan Bosforga qadar cho'zilgan hududni qamrab oladi. Istanbulning eng qadimiy va tarixiy tumanlaridan biri hamda yirik savdo va transport markazi boʻlgan Karakoʻy bugungi kunda anʼanaviy va meʼmoriy mahalla xususiyatlarini taklif qilgan holda sayohat qilish uchun gullab-yashnayotgan “issiq nuqta”dir.
Agar siz Galaportga keluvchi kruiz yo'lovchisi bo'lsangiz, Karako'y qirgʻogʻida sizni ajoyib Bosfor manzarasi kutib oladi. Istanbulning mashhur Galata ko'prigi boʻylab piyoda o'tish, Karako'y port hududiga borishning eng yaxshi yo'llaridan biri sanaladi. Istanbulning tarixiy portini jonli gastronomiya, madaniyat, san'at va savdo hududiga aylantirgan Galataport, bundan tashqari, Istanbulning eng mashhur ikkita muzeyiga mezbonlik qiladi.
Turkiyaning birinchi zamonaviy san'at muzeyi Istanbul Modern, Galataport Istanbul hududida joylashgan. Pritzker mukofoti sovrindori arxitektor Renzo Piano binoni Bosforning joʻshqin suvlaridan va yorug‘lik akslaridan ilhomlanib loyihalashtirgan. Istanbul Modernda xalqaro va mahalliy san'atkorlarning turli yo'nalishlarda ijod qilgan asarlari namoyish etilmoqda. Muzey shuningdek, doimiy va vaqtinchalik ko'rgazma maydonlarida jahon darajasidagi zamonaviy san'at ko'rgazmalariga mezbonlik qiladi.
Turkiyaning birinchi plastik san'at muzeyi bo'lgan Istanbul rasm va haykaltaroshlik muzeyi ham xuddi shu tumanda joylashgan. Muzey XIX asrning oxiri Usmonli imperiyasidan XX asr oxirigacha bo'lgan turk san'ati tarixining muhim ma’lumotlarini taqdim etadi. Muzey kolleksiyasida 10 497 ta rasm, 719 haykal, 257 kulolchilik, 182 xattotlik, 10 ta piktogramma va bitta instalyasiya mavjud.