Xususan, 2022-yilning 4-iyul holatiga koʻra, 921,5 ming gektar maydondagi gʻalla oʻrib olingan boʻlsa, shuning 853 ming gektari somondan tozalandi. Ushbu maydonlarning 616,5 ming gektariga takroriy ekinlar joylashtirildi. Xususan, 70,4 ming gektar sabzavot, 29,9 ming gektar poliz, 2,6 ming gektar kartoshka, 27,4 ming gektar moyli ekinlar, 219,5 ming gektar dukkakli don ekinlari, 14,7 ming gektar don uchun makka, 59,8 ming gektar sholi, 156,3 ming gektar ozuqa ekinlar, 30,1 ming gektar tariq hamda 5,7 ming gektar supurgi ekildi.
Hosili yigʻib olingan yerlar asosan, 4 toifa xoʻjaliklariga ajratib berilmoqda. Jami 820,8 ming gektar takroriy ekin ekiladigan maydonlarning 167,1 ming gektari fermer xoʻjaligi aʼzolariga (494,9 ming nafar), 76,4 ming gektari otaliqqa olingan ishsiz aholiga (169,5 ming nafar) va 15,3 ming gektari esa oʻtkazilgan tanlovda yuta olmagan ishsiz fuqarolarga hamda 298,5 ming gektari klaster va fermer xoʻjaliklarining oʻz ehtiyojlari uchun ekin ekilishiga moʻljallangan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 539,0 ming nafar fermer xoʻjaligi aʼzolari tomonidan 185 ming gektar, otaliqqa olingan 196,9 ming nafar fuqarolar tomonidan 85,8 ming gektar va tanlovda qatnashib, yer yutib ololmagan 55,0 ming nafar fuqarolar tomonidan 18,6 ming gektar hamda 326,4 ming gektar maydonlarga klaster va fermer xoʻjaliklari tomonidan takroriy ekinlar ekildi.
Ayni paytda yoz fasli boʻlganligi bois, respublikamizda takroriy ekinlarni ekish havo haroratining maksimal darajada oshgan kezlariga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa, urugʻlarning unib chiqishi uchun tegishli namlik zahirasini toʻplash zaruriyatini tugʻdiradi.
Shuning uchun takroriy ekin sifatida dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlari urugʻlarini ekish talab qilinadi. Bunda urugʻlarni elaklarda elab, tozalab, bir xilligini taʼminlagan holda ekish ularni bir tekisda, sifatli unib chiqishini kafolatlaydi.
Gʻalla oʻrimidan keyin yer maydonlariga takroriy ekin ekish tuproqdagi ozuqa moddalar miqdorining oʻsimliklar tomonidan qaytarilishiga va uning unumdorligini saqlanishiga, ekilayotgan va undan keyin ekiladigan ekinlarning hosildorligini oshishiga zamin yaratadi.