Bunday nufuzli musobaqada 24 yillik tanaffusdan keyin yana ishtirok etayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi guruh bosqichining uchta oʻyinida ham magʻlubiyatga uchragan edi. Shu sababli endi gandbolchi qizlarimiz 25-32-oʻrinlar uchun kurash olib borishmoqda.

Kecha tunda terma jamoamiz 25-32-oʻrinlar uchun kechayotgan guruh bosqichining ilk uchrashuvida Eron terma jamoasiga qarshi parketga tushdi. Qizgʻin va murosasiz kurashlar ostida kechgan bahsda hamyurtlarimiz 37-32 hisobida gʻalaba qozonishdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerak, bu qizlarimizning jahon chempionatlaridagi tarixiy gʻalabasi sifatida qayd etildi. Mazkur oʻyinda terma jamomiz aʼzosi Madina Xudoyqulova 11ta toʻp kiritib, hamyurtlarimiz gʻalabasiga munosib ulush qoʻshdi. Ushbu guruhdagi ikkinchi oʻyinda Afrika qitʼasi vakillari – Angola va Kamerun terma jamoalari toʻqnash kelishdi va unda angolalik qizlar 35-24 hisobida gʻalabaga erishdi.

Endi qizlarimiz ertaga, 11-dekabr kuni toʻplar nisbatiga koʻra guruhda autsayder boʻlib turgan Kamerun terma jamoasi bilan kuch sinashadi.