Garibashvili Gruziya bosh vaziri lavozimini tark etishini e'lon qildi

    Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili o'z lavozimini tark etib, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi raisi bo'lishini ma'lum qildi.

    “Hurmatli do'stlar, sizga shuni ma'lum qilmoqchimanki, bugun men bosh vazir lavozimini tark etaman”, — dedi u brifingda.

    Siyosatchining so'zlariga ko'ra, unga “Gruziya orzusi” siyosiy kengashidan partiya raisi lavozimini egallash taklifi tushgan.

    “Siyosiy kengashda biz yozgacha, saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin bosh vazir lavozimida qolishimni ko'rib chiqdik, biroq men bu qarorni hoziroq qabul qilishni ma'qul ko'rdim. Yangi bosh vazirga muvaffaqiyatlar tilayman. Men uchun partiyadagi faoliyatini davom ettirish, saylovoldi tashviqotida faol ishtirok etish katta sharafdir”, deya qo'shimcha qildi Garibashvili.

    Parlament vitse-spikeri Archil Talakvadzening efir orqali ma'lum qilishicha, Kobaxidze bosh vazirlikka nomzod bo'lishi uchun ko'rib chiqilmoqda. Uning so'zlariga ko'ra, bir necha kundan keyin siyosiy kengash yig'ilishi bo'lib o'tadi, 1-fevral kuni esa partiya qurultoyi bo'lib, unda siyosatchining nomzodi rasmiylashtiriladi.

    Gruziya OAVlari mamlakatda bunday o'zgarishlar 26-oktabr kuni bo'lib o'tadigan parlament saylovlari yaqinlashayotgani bilan bog'lamoqda. Birinchi marta ular faqat besh foizlik to'siq asosida proporsional tizimdan o'tkaziladi.

    Garibashvili birinchi marta 2013-yilda Gruziya bosh vaziri lavozimini egallab, “Gruziya orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishvilining o'rniga kelgan, biroq 2015-yil 30-dekabrda iste'foga chiqqan. Uning o'rniga bosh vazirlik lavozimini Georgiy Kvirikashvili egalladi. Keyin Garibashvili Gruziya Mudofaa vazirligini boshqargan va 2021-yil 22-fevralda Georgiy Gaxariya o'rniga ikkinchi marta bosh vazir lavozimini egallagan, deb xabar beradi ria.ru.