Garov — bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga boʻlgan huquqni majburiyatlarni taʼminlash uchun berishi hisoblanadi.
Maʼlumki, Bank kreditlari koʻpchilik hollarda garov evaziga beriladi. Agar kredit olgan shaxs bank oldidagi majburiyatlarini bajarmagan taqdirda sud tomonidan kredit qarzdorliklarini garovdagi mulkiga qaratish yoki xatlash toʻgʻrisida ijro varaqa chiqariladi.
Jumladan, Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumanlararo sudining “Hamkorbank” ATB foydasiga O.U.ning 260 mln. soʻm kredit qarzi undiruvini garov mulki hisoblangan “KAMAZ 6520” rusumli yuk mashinasiga qaratish toʻgʻrisidagi ijro varaqasi byuroning Sh.Rashidov tuman boʻlimiga kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ijro ishi qoʻzgʻatilib, taraflarga nusxalari yuborilgan.
Mazkur ijro ishi doirasida qarzdor O.U bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan qarzdorlikni toʻlashdan bosh tortib kelgan.
Ijro harakatlari davomida garovda boʻlgan Kamaz rusumli yuk mashinasi xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Fuqaro olgan krediti muntazam toʻlab borganida, maʼmuriy jarima, davlat boji, ijro yigʻimi kabi ortiqcha toʻlovlar toʻlamagan hamda avtomashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilmagan boʻlar edi.