Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash masalaci muhokama etildi

    Transport 4 Fevral 2022 2068

    Senat yalpi majlisida gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bogʻliq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab boʻlayotgani aniqlangan.

    Xususan, avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini oʻrnatish va ularning oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazilmaslik holatlari yildan-yilga koʻpayib borayotgani taʼkidlandi. Bu avtotransport vositalari portlashi bilan bogʻliq mudhish hodisalarni vujudga keltiryapti.

    Jumladan, 2021-yilda avtotransport vositalariga noqonuniy (amaldagi texnik reglament talablariga javob bermaydigan) gaz moslamasi oʻrnatilganligi bilan bogʻliq 2 928 ta holat aniqlangan boʻlib, bu 2020-yilga nisbatan 61 foiz koʻpdir.

    Gaz ballonlari oʻrnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yongʻin chiqish holatlari sodir boʻlib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafari halok boʻlgan.

    Kompressor stansiyalarida avtomobillarning gaz ballonlarini toʻldirish talab va tartibini buzish holatlari koʻplab uchrayapti.

    Gaz ballonlarini avtomobillarga oʻrnatish va tegishli uskunalarni sinovdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik subyektlari faoliyati ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatilmagan. Gaz ballonlarining texnik sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjud.

    Xususan, 2021-yilda 36 nafar yuridik va jismoniy shaxs avtotransport vositalariga qonunchilik talablariga zid ravishda gaz ballonlarini oʻrnatish va sinovdan oʻtkazish bilan shugʻullanib kelgan.

    Gaz ballonlarining texnik sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida qalbaki hujjatlarni tayyorlash bilan shugʻullanib kelgan 16 nafar jismoniy va yuridik shaxs aniqlangan.

    Ushbu masalalar yuzasidan senatorlar Hukumatga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.