Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Mirobodtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi yetakchi muhandisi R.M. tadbirkor M.A.ning Yashnobod tumanidagi Aviasozlar koʻchasi joylashgan noturar binosini gazlashtirish boʻyicha loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berishi hamda gaz hisoblagich oʻrnatib berish evaziga tadbirkordan 18 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon tuman ETK elektromontyori M.I. va fuqaro O.N. fuqaro M.I.ning xonadonidagi elektr taʼminotidan 7 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 3,5 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Xuddi shunday, Departamentning Qoʻrgʻontepa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda tuman “Suvtaʼminoti” MCHJ boʻlim nazoratchisi M.O. “U.X.” MCHJ oshxonasining suv sarfini hisoblash uskunasining yaroqsizligi yuzasidan rasmiylashtirgan dalolatnoma boʻyicha jarima qoʻllamaslik va yangi hisoblagich oʻrnatib berish evaziga MCHJ ish yurituvchisi M.A.dan 3 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.