Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli mavjud gaz sarfi boʻyicha tijorat oʻlchov tarmoqlarini Respublikamizning amaldagi qonun hamda tegishli meʼyoriy hujjatlari doirasida ishlatishi boʻyicha tizimli yondoshilmoqda.
Boshqarmaga qarashli “Shoʻrtepa”, “Shimoliy Maymanak”, “Markaziy Pamuq”, “Yangi Alan”, “Shimoliy Kultak”, “Jeynov”, “Gʻarbiy sabo”, “Chegara” va “Janubiy Kemachi-Kuruk” gaz sarfi oʻlchov tarmoqlarini amaldagi “GOST 8.586.1–5:2005”, “OʻzDSt 8.028–2012” va “OʻzDSt 8.077:2018” meʼyoriy hujjatlar talablari asosida ishlatilishi yuzasidan oʻzaro monitoring jadvali ishlab chiqildi hamda ushbu jadvalga asosan monitoring oʻtkazildi.
Monitoring “Oʻzbekneftgaz” AJ Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish departamentining metrologiya va avtomatlashtirish boʻlimi, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi metrologiya xizmati va “Sanoat energetika guruhi” qoʻshma korxonasi mutaxassislari bilan hamkorligida olib borildi.
Mutaxassislar tomonidan tijorat oʻlchov tarmoqlarining oʻrnatilishi va jihozlanishi boʻyicha vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan oʻlchov tarmogʻini attestatsiyalash toʻgʻrisidagi guvohnomalari, metrologik hisobi yuritilish holati ham oʻrganildi. Ushbu oʻlchov tarmoqlariga oʻrnatilgan sarf oʻlchash asboblari, bosim va harorat oʻlchash asboblari hamda toraytiruvchi qurilmalariga (diafragma) “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” DM tomonidan berilgan davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlari va ularning amal qilish muddatlari nazoratdan oʻtkazildi.
Shuning bilan bir qatorda oʻlchov tarmoqlarida mavjud sarf oʻlchash asboblari “0” holatiga tushirilib, maxsus kalibratorlar yordamida tekshirildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati