Shuningdek, davlatimiz rahbarining «Sahovat va ko‘mak» umumxalq harakati tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining faol qo‘llab-quvvatlanishi yo‘lidagi harakat chaqiruviga labbay deya, «Hududgaz Buxoro» MChJ tasarrufidagi «Olottumangaz» filialida faoliyat olib borayotgan 26 nafar ishchi-xodimning tabiiy ofat natijasida zarar yetgan uy-joylarini ta'mirlash va zaruriy qurilish materiallarini yetkazib berish bilan bog‘liq sarf xarajatlarni «Hududgazta'minot» AJ o‘z zimmasiga oldi.

Aytish kerakki, «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan nafaqat Buxoro, Samarqand va Navoiy viloyatlari, balki butun respublika bo‘yicha barcha hududlardagi tashkiliy bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasi, son va sifat jihatdan avtotransport parki hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar malakasini zamonaviy talablar asosida oshirib borish kun tartibidagi asosiy vazifalardan biri etib belgilab qo‘yilgan. Buning natijasi o‘laroq, yurtimizdagi tabiiy gaz iste'molchilaridan tashqari, suyultirilgan gaz iste’molchilariga ham sifatli xizmat ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.

Yurtimizda koronavirus pandemiyasini oldini olishga qaratilgan bugungi davrida barcha ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlar qatori gaz ta’minotining ham o‘rni beqiyosligi barchaga ayon. «Zangori yoqilg‘i» bugungi xayot tarzimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

Ma’lumki, COVID-2019 tarqalishining oldini olish uchun karantin e’lon qilinishi tufayli ko‘plab ulgurji iste’molchi hisoblanuvchi yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati vaqtincha to‘xtab, tabiiy gazga bo‘lgan talab ham kamaydi. Bu esa tabiiy gaz zahiralarini aholi iste’moliga yo‘naltirilishiga va gazga bo‘lgan talabni ortig‘i bilan qondirilishiga sabab bo‘ldi.

 Bugunga kelib, respublikamizning turli hududlaridagi 3 milliondan ziyod aholi xonadonlaridagi iste'molchilarga suyultirilgan gaz imtiyozli narxlarda, 1 kg suyultirilgan gaz narxi 1 120 so‘m, 20 kg suyultirilgan gaz yoki bitta maishiy gaz ballon narxi jami 22 400 so‘mdan yetkazib berilmoqda.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, birgina karantin  davrida mamlakatimiz aholisining suyultirilgan gaz bilan ta’minlanuvchi qismiga rejaga ko‘ra,  47,6 ming tonna yetkazilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, amalda esa 49,5 ming tonna yoki rejaga nisbatan 1,9 ming tonna ko‘p suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ta’minlandi. Bu bilan esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 ming tonna ko‘p suyultirilgan gaz yetkazib berishga erishildi. Mazkur ishlarni amalga oshirishda, aksiyadorlik jamiyati ishchilari mamlakatimizdagi 3 million 200 mingdan ziyod aholi xonadonlariga kirib, ulardagi gaz ta'minoti masalasidagi ahvolni o‘rgandi.

Suyultirilgan gazni yetkazib berishda, eng avvalo, aholi punktlariga qatnovchi barcha avtotransport vositalari va har bir suyultirilgan gaz balloni iste’molchilarga yetkazilishidan avval to‘liq dezinfeksiya qilinib, barcha xodimlar maxsus himoya kiyimlari va moslamalari bilan ta’minlandi. Ular tomonidan aholi bilan ishlash jarayonida masofani saqlash, o‘zini himoya qilish va boshqa sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinmoqda. Xonadonlarga «aylanma» usulda yetkazib berish ishlari esa aholi xavfsizligini ta'minlash yo‘lidagi harakatdir.

Xalq bilan bevosita muloqot, iste’molchilarning murojaat va muammolarini o‘rganish hamda yechimini topish borasida zamonaviy va samarali usullardan foydalanilayotganini ham aytish joiz. Gaz ta’minoti bo‘yicha aholi murojaatlarini qabul qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar hamda barcha messenjerlarda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatining rasmiy kanal va sahifalari mavjud bo‘lib, iste’molchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishlari mumkin. Shuningdek, 104 telefon raqami ham uzluksiz ishlayapti.

Alisher Rayimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.