Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ maʼlum qildi.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, qariyb 775 million kub metr tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgan. Ushbu gazning qiymati naq 1 trillion 667 milliard soʻmdan oshib ketgan. Bu mablagʻ soha rivoji va tizimni modernizatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan juda katta yoʻqotishdir.

Suyultirilgan gaz yoʻnalishida ham vaziyat ancha jiddiy boʻlib chiqdi. Tezkor tadbirlar davomida gaz ballonlarini yashirincha saqlash va noqonuniy sotish bilan shugʻullangan 285 ta “bunker” faoliyatiga chek qoʻyildi. Natijada 12 mingdan ortiq maishiy gaz balloni va 138 tonnaga yaqin suyultirilgan gazning “qora bozor”ga chiqib ketishi oldi olindi.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida 95 tonna suyultirilgan gazning ochiqchasiga talon-toroj qilingani ham aniqlandi. Mazkur holatlar boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar aybdorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrish uchun huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish nafaqat davlatga iqtisodiy zarar keltiradi, balki xavfsizlik qoidalarining buzilishi tufayli insonlar hayotiga ham xavf soladi.

Shu sababli “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilardan belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilishni soʻradi.