Maʼlumki, milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirish maqsadida kutubxonalar fondida mavjud boʼlgan kitob va oʼquv adabiyotlari internet tizimiga bosqichma-bosqich joylab borilmoqda. Bu yaxshi, chunki kutubxonadan topolmagan kitobning elektron shaklini yuklab olib, undan bemalol foydalanish mumkin. Biroq bu toʼliq samara beryapti, deb aytolmaymiz. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, hattoki aholining ziyoli qatlami ham kitoblarning elektron shakli joylab borilayotgan saytlarga kamdan-kam tashrif buyurishar ekan. Bundan koʼrinib turibdiki, bizga kitobning elektron nusxasi emas, qoʼlimizga olsak, qalblarimiz entikadigan bosma shakli kerak.
Shu maʼnoda, gazeta ham biz izlagan maʼnaviy oziq oʼrnini bosadi. Faqat bir muammo borki, bosma nashrlarda berilayotgan maqolalarning sifatini oshirish, sahifalarni oʼquvchini oʼziga jalb qiladigan rang-barang maqolalar bilan toʼldirish lozim.
Yaqinda jurnalist va muallimning suhbatni oʼqib qoldim. Unda yozilishicha, bundan yigirma yil avval gazetada faoliyat koʼrsatayotgan jurnalist xizmat yuzasidan safarda boʼlib turganda, tanish muallimini uchratib qoladi. Avvaliga ularning gurungi bir-birlarining yoshlik xotiralaridan boshlanib, keyin hayot tashvishlariga ulanib ketadi. Muallim gapira turib, jurnalistga hazilomuz soʼz qotadi: “Talabalar oʼqishni butkul yigʼishtirib, gazeta oʼqishdan nariga oʼtishmayapti. Shu nashrlaringda oʼquvchi diqqatini tortmaydigan maqola chiqarsalaring boʼlmaydimi?!
Bu – yumor. Biroq qachonlardir gazetalar qoʼlma-qoʼl oʼqilgan, sahifalarda berilgan reportajlar, tahliliy maqolalar, ocherk va esselar, sheʼrlar xalqning dardiga darmon boʼlgan. Bugun esa gazetaning oʼsha qiyofasi yoʼqolayotgandek.
Bugun jamiyatimizga matbuot har qachongidan koʼra zarurligini Prezidentimiz bot-bot taʼkidlamoqda. Demak, xalqni maʼnaviyatli, maʼrifatli qilishda gazetalarning oʼrni beqiyos.
Gazetani inson oʼz qoʼli bilan kashf etdi, endi esa oʼz qoʼli bilan yoʼq qilishiga yoʼl qoʼymasligimiz, uni asrab-avaylash va rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish lozim. Bu borada biz – yoshlarning ham hissamiz boʼlishini unutmasligimiz kerak. Qogʼoz bor, fikr mavjud ekan, gazetalar yashayveradi.
Ulugʼbek SHAROBIDDINOV