Hozirgi gaz hajmi uchta Oʻzbekiston uchun yetarli, deya maʼlum qildi energetika vaziri Alisher Sultonov. U aholi energiya manbalariga oqilonalik bilan munosabatda boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, 95 million aholisi boʻlgan va ishlab chiqarish rivojlangan Turkiya ham, 35 million aholisi boʻlgan Oʻzbekiston ham yiliga 45 milliard kubometr gaz isteʼmol qiladi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.
Oʻzbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
Vazir ayrim hududlarga gaz quvurlari yotqizilgan taqdirda ham gaz yetib bormasligi, boisi bosim yoʻqligini taʼkidladi.
“Quvur kelgani bilan gaz kelmaydi. Chunki bosim yoʻq miqdor boʻlgani bilan. Bu — tizimli muammo. Iqtisodiyot nuqtayi nazaridan ham, mentalitet, dunyoqarash nuqtayi nazaridan ham”, — dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, yaqinda yirik turk kompaniyasi rahbari bosh vazir Abdulla Aripovga Oʻzbekistonda gaz bilan bogʻliq katta muammolar mavjudligini maʼlum qilgan.
“U shunday deyapti: «Turkiya davlatida ishlab chiqarish, sanoat rivojlangan, bularning barchasi energiya resurslarini talab qiladi. Bizning aholimiz 95 million. Ularning ham yashashi yaxshi, hech kim qishda sovuqda oʻtirmaydi. Biz 95 million aholi va rivojlangan sanoat bilan yillik 45 mlrd kub metr gaz isteʼmol qilsak, Oʻzbekiston 35 million aholi bilan 45 mlrd kub metr gaz isteʼmol qilmoqda”, — deya turkiyalik tadbirkorning soʻzlarini keltirdi energetika vaziri.
Alisher Sultonovning taʼkidlashicha, hozirgi kundagi mavjud gaz zaxiralari: “Uchta Oʻzbekistonni boqa oladi”.
“Shuning uchun «energosamaradorlik” bizning yillar davomidagi asosiy shiorimiz boʻlishi kerak. Eng asosiy islohotimiz, bu — energiya tejamkorligi. Bu narsani kichkina bolachaning miyasiga: tishingni tozalayotganda suvni oʻchirib qoʻy, xonadan chiqayotgan chiroqni oʻchir, kabilarni singdirib qoʻysak… Oddiy misollar. Chunki buning ichida juda ham koʻp narsa bor. Buning ichida ishlab chiqarishning ham energotejamkorligi bor. Hozirgi kunda 90 foiz, mayli 70 foiz ishlab chiqarishda energotejamkorlikka javob bermaydigan uskunalar oʻrnatilgan, eski-eski. Oʻshani hozir modernizatsiya qiladigan boʻlsak, yangisini quradigan boʻlsak, 2−3−4 barobargacha energiyani kam ishlatadi. Bu jarayon boshlandi», — dedi u.