Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻi bilan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarning ishlab chiqarish quvvatini tiklash hamda tabiiy gazni qayta ishlash zavodlardagi qurilmalarda amalga oshiriladigan rejali taʼmirlash ishlarini sifatli va oʻz vaqtida ishga tushirish borasida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan.

Xususan, Gazli gazni qayta ishlash zavodida gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash 1-sonli texnologik qurilmalari ogohlantirilgan rejali toʻla taʼmirlash uchun toʻxtatilib, taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Qurilmada taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun barcha moddiy-texnik resurslar va extiyot qismlar tayyor holatga keltirilgan. Qurilmani sifatli taʼmirlash natijasida kuz-qish mavsumida toʻxtovsiz barqaror, ishonchli ishlashini va belgilangan reja koʻrsatgichlarining oʻz vaqtida bajarilishiga erishiladi.

Shuningdek, Gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash 1-sonli qurilmasini taʼmirlashga toʻxtatilgan davrda zavoddagi gazni qayta ishlash qurilmalarining ish rejimlari optimallashtirildi. Natijada qayta ishlash jarayoniga uzatilayotgan umumiy gaz xajmi kunlik 1,5 mln kub metrga qisqartirilishining oldi olindi.

Ayni paytda “Oʻzbekneftgaz” AJ va zavod mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan qurilmani barqaror ishlab chiqarishni tashkil etish va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini bajarilishini taʼminlash uchun rejali taʼmirlash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Maʼlumot uchun: Gazli gazni qayta ishlash zavodi Buxoro viloyati, Romiton tumanida joylashgan. “Uchqur” tabiiy gazni oltingugurt birikmalardan tozalash 1-, 2-sonli qurilmalari esa 1980-yil ishga tushirilgan boʻlib, u gazni oltingugurt birikmalaridan tozalashga moʻljallangan. Qurilmalarning har biri yillik 500,0 mln kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati