Bu kabi savol-javoblar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti Durdona Gʻaniyeva bilan quyidagi tarzda olib borildi:
Gelmintlarning tuxumi zararlangan insonlar va hayvonlarning axlati bilan tashqariga chiqadi. Bolalar meva- sabzavotlarni yuvmasdan yeyishi, oʻyinchoqlarini, oʻquv qurollarini ogʻziga solishi natijasida gijja bilan zararlanadi.
Hojatga borgandan soʻng insonda gijja tuxumlari qoʻl terisida, tirnoqlar ostida yoki kiyimida qolishi mumkin. Koʻpincha bolalar odamlar koʻp toʻplanadigan joylar (bolalar bogʻchasi, maktab, bolalar maydonchasi)da gijjalarni yuqtirib olishi mumkin.
Gijjalar bilan zararlanishning quyidagi sabablari ham bor:
- sifatsiz suv va ovqatni isteʼmol qilish;
- boshqalarning shaxsiy buyumlaridan foydalanish (sochiq, ichki kiyim kabilar);
- sabzavot va mevalarni yaxshilab yuvmasdan isteʼmol qilish;
- bolaning uy va koʻchadagi hayvonlar bilan yaqin muloqot qilishi.
— Kasallik qanday tashxislanadi?
— Gelmintlarning spetsifik simptomatikasi yoʻqligi sababli koʻpincha ota-onalar bolada jiddiy kasalliklarga shubha qilib, boshqa turli mutaxassis (pulmonolog, allergolog, immunolog)larga murojaat qiladilar.
Surunkali dermatitlar, gastroenterologiya patologiyalari va oʻpka kasalliklari boʻlgan bolalar, albatta, gelmintlarga tekshirilishi lozim.
Chunki gelmintlar odatda ichaklarda ustunlik qiladi, ularni aniqlash uchun, birinchi navbatda, najas tahliliga yuboriladi.
Tahlil bolaning oshqozon traktida parazitlarning mavjudligi, shuningdek, uning turini aniqlashga yordam beradi.
— Davo choralari haqida ham gapirib bersangiz.
— Samarali davo parazitlar rivojlanishining barcha fazalarida ular bilan kurashish, noxush simptomlarni bartaraf etish va bola organizmini tiklashga yoʻnaltirilgan. Buning uchun, birinchi navbatda, bemorga gijjalarga qarshi preparatlar tanlanadi.
Ushbu vositalar parazitlarning mushak va asab tizimini bloklash va ularni organizmdan tabiiy yoʻl bilan chiqarib tashlashga yordam beradi.
Shuni taʼkidlash lozimki, oilaning barcha aʼzolarida bir vaqtning oʻzida terapiyani oʻtkazish kasallikni samarali davolashga imkon beradi.
— Qanday profilaktika choralarini tavsiya etasiz?
— Gijjalar bilan zararlanmaslik uchun quyidagi qoidalarga amal qilish talab etiladi:
- bolada shaxsiy gigiyena koʻnikmasini imkoni boricha erta shakllantirish;
- doimo bolaning qoʻllari tozaligiga eʼtibor qaratish;
- faqat toza suv isteʼmol qilish;
- isteʼmol qilishdan avval sabzavot, mevalar va koʻkatlarni yaxshilab yuvish;
- goʻsht va baliq mahsulotlariga zarur termik ishlov berish;
- uy hayvonlarini oʻz vaqtida emlash va ularni degelmintizatsiya qilish.
Agar ota-onalar bolada gijja borligiga shubha qilsalar, kechiktirmasdan mutaxassis koʻrigiga borishlari zarur. Shifokorlar gelmintozlarni tezda tashxislash va tegishli davoni tavsiya etishda yordam koʻrsatadilar.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.