Gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar oʻzi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun koʻradi. Masalan, ular darmondorilar, oqsillar, uglevodlar va mikroelementlarni yutadi, ayrimlari esa qon soʻradi.
Bugungi kunda bunday zararkunandalarning 250 ga yaqin turi aniqlangan boʻlib, shulardan 9 xili bolalarda uchraydi. Bolalarning meva-sabzavotlarni yuvmasdan yeyishi, oʻyinchoqlar, oʻquv qurollarini ogʻziga solishi natijasida gijja paydo boʻladi. Agar kasallik kuzatilsa bolaning qorni ogʻriydi, asabiylashadi, jizzaki boʻlib qoladi, uyqusida tishlarini gʻichirlatadi. Orqa chiqaruv aʼzosi qichishadi, bola uni qashiyverishi natijasida toshma hosil boʻladi, teri yuzasi yiringlashi mumkin. Parazit najas chiqish yoʻllariga 5 mingdan 150 mingtagacha tuxum qoʻyadi. Ular tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqaladi.
Bolalarga gelmintozlar asosan yuvilmagan meva-sabzavotlar, koʻkatlar, bolalar tuvaklari va uy hayvonlari orqali yuqadi.
Aholi, ayniqsa yosh bolalar oʻrtasida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish boʻyicha tadbirlarning kuchaytirilishi gelmintoz kasalliklari bilan zararlanish holatlarining minimallashtirilishi va kasallikning bartaraf etilishiga olib keladi, deb xabar beradi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.