Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlarida, shuningdek, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama etildi.
Majlisni Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Senat Raisi mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilayotganiga e'tibor qaratdi.
Xususan, 2022-yilda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.
«Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi. Qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilgan turli tazyiq va zo‘ravonliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Majlisda mazkur Qonun birinchi navbatda keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olingani va to‘liq qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.
Shuningdek, Xotin-qizlarning davlat organlarida faolligini oshirish dasturi, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» rezolyusiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» va Milliy Rejasi tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.
2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va ijroga qaratildi.
Xotin-qizlarning ta’lim olishlari asosiy ustvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi va maxsus tavsiyanoma asosida ehtiyojmand xotin-qizlarning 1 982 nafari, besh yil mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning 507 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.
Shuningdek, magistratura bosqichda ta’lim olayotgan 12 300 nafar, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan kam ta’minlangan ehtiyojmand 2053 nafar xotin-qizning kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi, 139 mingdan ortiq talaba xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti ajratildi.
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, 252 mingdan ziyod ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 623 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi ta’minlandi, 193 mingdan ziyod ayollarga 3,9 trillion so‘m kredit ajratildi.
3 million 336 mingdan ziyod xotin-qizlar birlamchi onkoskrining tekshiruvidan, 1 million 13 mingga yaqin nuroniy onaxonlar esa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 645 mingga yaqin xotin-qizlar bilan individual dastur asosida ishlandi va muammolarini hal etish choralari ko‘rildi, 12,9 mingga yaqin xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 876 nafar xotin-qiz jami 7,3 milliard so‘mlik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Boshqa davlatlarga chiqib ketgan 121,7 ming xotin-qiz va ularning 25,9 ming voyaga yetmagan farzandlarining aniq manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi. 6 096 bolaga vasiylik va homiylik o‘rnatildi, 11 683 bolaga nisbatan nazoratsiz qolishining oldini olish choralari ko‘rildi.
Majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama etildi.
Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish, ularning mutaxassislarini o‘qitish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta'minlash, ish joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish vazifalari belgilab olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.